Abazin xalq maqollari

• Ishyoqmas poliz qo‘riqchisidan ham yomon, poliz qo‘riqchisi hech bo‘lmasa qo‘rqitadi.

• Topilmagan go‘shtdan bo‘rining tishi qamashadi.

• Achchiq ovqat yemagan asalning shirinligini bilmaydi.

• Eshakdan yiqilgan bolani arg‘umoqqa mindirma.

• Tuxum tovuqqa aql o‘rgatarkan.

• Eskini maqtab, yangini ol.

• Haqiqatning yo‘li keng.

• Ho‘kizning o‘limi ― itlarga bazm.

• Bilimni belga bog‘lab yurmaydilar.

• Hamjihatlik oilani mustahkamlaydi, birgalikda ovqat doim shirin.

• Birlashgan kuch qoyani jildiradi.

• Qalbda yashiringani yuzda balqiydi.

• Kalga taroq ko‘rsatma.

• Shamol uyni ham, chaylani ham uchiradi.

• Boltani qidirib, sopini tashlab ketma.

• Quchoq tergan joyingda g‘aramni qoldirma.

• Bir g‘aram somon ichidan ignani qidiradi.

• Yoy ushlolmaganini yol ham ushlolmaydi.

• Bo‘ladigan odam qamchi dastasichaligidan ma’lum.

• Ekishni bilmagan arpani shag‘alga ekadi.

• Ona qiziga o‘rgatsa, qizi pashsha sanaydi.

• Yoshga o‘rgatadilar, qariga o‘rgatib bo‘lmaydi.

• Kamondan otishni bilmagan, pistoletning uchini o‘ynarkan.

• Badhazm ayol badhazm bola tug‘adi.

• Juni yulingan sichqon yana teri tashlabdi.

• Ulovni buzilgan joyida to‘g‘rilaydilar.

• Xo‘jayinning injiqligi ― dehqonga yig‘i.

• Qari itga zardob ham bermaydilar.

• Omadsizning go‘shti ham pishmaydi.

• Qurg‘oqchilik keltirgan zararni yomg‘ir yuvadi, yomg‘ir keltirgan zararni qurg‘oqchilik bartaraf etolmaydi.

• Olovsiz tutun chiqmaydi.

• Katta it hurisa, ortidan kichiklari ham huriydi.

• Tuxum tovuqdan aqlli.

• Oilada bola hammadan katta.

• Ho‘kiz va pashsha bir-biriga urush ochdi.

• Bo‘rini cho‘pon qilishdi.

• Tashlab yuborilgan kulni yana o‘choqqa solmaydilar.

• Ishing yo‘q joyga burningni suqma.

• Momaqaldiroq guldiradi, yashin urdi, yomg‘ir qani?

• Yaxshilik yaxshilikni yetaklaydi, yomonlik ― yomonlikni.

• Yopishgan jun qo‘zichoqni asraydi, tarqoq jun buqani ham asrolmaydi.

• Bola ko‘r bo‘lsa ham onasiga ko‘zi o‘tkirdek tuyuladi.

• Agar bitta qo‘y toshdan sakrasa, boshqalari ham sakraydi.

• Otasi urushqoq bo‘lsa, bolasi ham to‘polonchi bo‘ladi.

• So‘zni ko‘p qaytarsang, u ham achchiq bo‘ladi.

• Agar tortishuv musht bilan tugasa, begona odam ziyon ko‘radi.

• Otga yaxshi qara, ho‘kizni ham unutma.

• Kovlangan chuqurning tuprog‘i bilan o‘sha chuqurni ko‘molmaysan.

• Bo‘sh piyoladan suv to‘kilmaydi.

• Bitta ot kuylasa, qolgan yuztasi ham kuylaydi.

• Egari bor ketib, oti bor qoldi.

• Hanjarni ikki marta qindan chiqarma, so‘zni ikki marta qaytarma.

• Bo‘ri qo‘yni olib qochar ekan, tamg‘asiga qaramaydi.

• Daraxt qarisa qurt bosib ketadi.

• Otliq piyodaga o‘rtoq emas.

• Yaxshilikniyam yomonlikniyam bilmagan hamma narsani bilaman deb o‘ylaydi.

• Bir marta yolg‘on gapirganga ikkinchi marta ishonma.

• Daryo qayoqqa oqsa, uning tugash joyi ham o‘sha yoqda.

• Yosh yashnaydi, qari to‘kiladi.

• Kimning ustidan kulsang u ham ustingdan kuladi.

• Sen ko‘rgan hamma qizil narsa ― go‘sht emas, oq narsa ― yog‘ emas.

• Bilmaslik xato qilishga olib keladi.

• Miyovlamaydigan mushuk miyovlaydiganidan xavfli.

• Bo‘ri qo‘yning oldidan indamay o‘tadimi?

• Qo‘y echki bo‘lib, echki qo‘y bo‘lib qoladimi?

• Och bilan to‘q bir-birini tushunadimi?

• Daryo eski o‘zaniga qaytadi.

• Bir kunda tug‘ildim, bir kunda o‘laman.

• Igna bilan quduq qaziydi.

• Qor juda oq va chiroyli bo‘lgani bilan tez erib ketadi.

• Badan ― suyaklar uchun yopinchiq, ko‘ylak ― badan uchun yopinchiq.

• Uning qalbidagi o‘zini o‘ldiradi, tilidan chiqqani ― bizni.

• Bepusht xotinning bolasi yig‘lamaydi.

• Harakatchanning qoni o‘ynaydi, dangasaniki ― to‘g‘naydi.

• Bitta aql yaxshi, ikkitasi undan yaxshi.

• Yaxshi do‘st yomon akadan afzal.

• Ilonning terisi o‘zgargani bilan yuragi o‘zgarmaydi.

• Uning tishi oq bo‘lgani bilan yuragi qora.

• Kattalar gapirganini bolalar qaytaradilar.

• Bir kishi eplolmaganini ikki kishi bajaradi.

• Meshga nima quysang, shuni ichasan.

• Go‘sht achib qolmasin deb tuzlaydilar, tuz achib qolsa nima qilasan?

• Begona it keldi ― biznikini haydadi.

• Kimni eslasang, u ostonada ko‘rinadi.

Davronbek Tojialiyev tarjimalari

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *